Yangiliklar

Yuklab olish

Rasmiy munosabat

Internet-nashrlardan birining “YouTube” kanalida e’lon qilingan “Davlat dasturini bajarganim – aybimmi?” sarlavhasi ostida, tadbirkor A.Bo‘tayev bilan uyushtirilgan videointervyu lavhasi borasida quyidagilarni ma’lum qilamiz:

 

Videoda keltirilgan holat “Asaka” bankning Sirdaryo viloyat filiali tomonidan mijoz «Guliston Go‘sht Savdo Servis» MChJ ga ajratilgan kreditning mijoz tomonidan uzoq muddat davomida so‘ndirilmasligi natijasida yuzaga kelgan.

Mijoz «Guliston Go‘sht Savdo Servis» MChJ 2015 yil “Asaka” bankdan sutkasiga 100 bosh mayda va yirik shoxli mol suyish quvvatiga ega bo‘lgan texnologiyani sotib olish hamda bino-inshootlarni rekonstruksiya qilish maqsadida olgan kredit mablag‘ini surunkali ravishda o‘z vaqtida so‘ndirmay kelgan. Qarzdor tomonidan shartnoma shartlari o‘z vaqtida bajarilmaganligi, ajratilgan kredit mablag‘lari bo‘yicha bir necha bor muddati o‘tgan qarzdorliklar kelib chiqqanligi va mavjud qarzdorlikni so‘ndirish yuzasidan maqsadli choralar ko‘rmaganligi sababli bank mijozga bir necha bor yozma ogohlantirish xatlari yuborgan.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bank tadbirkor iddao qilganidek, uni kasodga uchratish emas, aksincha, mijozni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, tom ma’noda biznesini “tiklab olishi”, xususan, kreditlar bo‘yicha yuzaga kelgan muammoli qarzdorliklarni so‘ndirishga ko‘maklashish maqsadida, korxonaning mavjud qarzdorligini 2017 yildan boshlab keyingi to‘lovlarga teng ravishda taqsimlagan holda to‘lov muddatlarini uzaytirib bergan.

Biroq, qarzdor bank filiali tomonidan berilgan imkoniyatlarga qaramay, doimiy ravishda to‘lov grafiklariga rioya qilmasdan, kredit bo‘yicha qarzdorliklarni surunkali ravishda to‘lamasdan kelgan. Natijada, bank o‘zining qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida, avval muddati o‘tgan qarzdorliklarni, so‘ngra, butun qarzdorlik summasini majburiy undirish bo‘yicha tumanlararo sudga murojaat qilgan.

Sud qaroriga asosan mijozning kredit olish uchun taqdim etgan garov mulklari, amaldagi tartiblarga asosan bosqichma-bosqich tegishli sud-protsessual hamda majburiy ijro jarayonlaridan o‘tib, yakunda 2019 yilning mart oyida auksion savdolari orqali boshqa shaxsga sotilgan.

Shuningdek, «Guliston Go‘sht Savdo Servis» MChJ tomonidan murojaatda qayd etilgan, boshqa shaxsga sotilgan ko‘chmas mulk ob’ekti ichida joylashgan qora mol so‘yish uskunalarini olib chiqish holati bo‘yicha Guliston tumanlararo iqtisodiy sudining 2019 yil maydagi xal qiluv qaroriga asosan qarzdorga «majburan bo‘shatish va qora mol so‘yish uskunalarini majburan olib chiqish» majburiyati yuklatilgan bo‘lib, bugungi kun holatiga ushbu xal qiluv qarori qonuniy kuchga ega. Bank tadbirkorning o‘ziga tegishli asbob-uskunalarni ob’ektdan olib chiqishi uchun hech qanday e’tiroz bildirmaydi.

Yana shuni alohida ta’kidlash lozimki, internet-nashr tomonidan tarmoqqa joylashtirilgan ushbu video bir tomonlama va noxolis yondoshuv asosida tayyorlangan bo‘lib, tadbirkor go‘yoki “davlat dasturi”ni bajarish niyatida bo‘lganligiga, bankning (aslida mutlaqo qonuniy bo‘lgan) hatti-harakatlari uni kasod bo‘lishiga sabab bo‘lganligiga urg‘u berishga harakat qilingan. Shu orqali, avvalo, bank va mijozning har qanday shartnomaviy munosabatlarda ularning teng huquqli ekanligi, shu jumladan, bank o‘zi bergan kreditini qaytarib olish huquqiga ega ekanligi hisobga olinmagan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Asaka” bank aksiyadorlik tijorat banki mazkur videolavhani vaziyatni chuqur tahlil qilmasdan turib, xususan, ikki tomonning qonuniy huquqlari va majburiyatlari hamda ularning bajarilishini o‘rganmasdan turib, noprofessionallarcha tayyorlangan jurnalistik material deb baholaydi hamda bu kabi materiallar mijozlarning bank tizimiga, pirovardida davlat siyosatiga bo‘lgan ishonchining asossiz pasayishiga, jumladan “Asaka” bank brendi va obro‘siga salbiy ta’sir o‘tkazadi deb hisoblaydi. (Bu fikrimizni tegishli video ostidagi fuqarolarning izohlari ham ko‘rsatib turibdi).

Shu o‘rinda, bank har qanday ommaviy axborot vositalaridan, shuningdek, jurnalistlar va ijtimoiy tarmoq faollaridan, “Asaka” bankka taalluqli materiallarni tayyorlashda xolis bo‘lishga chaqiradi. Bank har qanday ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq faollari uchun ochiq bo‘lib, bankka taalluqli vaziyatlar bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni bank axborot xizmati tomonidan taqdim etilishi kafolatlanadi.

Bank axborot xizmati